
Kapitalbank tashkilot ichidagi istiqbolli xodimlarni aniqlash, o‘qitish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli “Top-500” kadrlar zaxirasi dasturining oraliq natijalarini sarhisob qildi. Ushbu tashabbus bankning People Strategy strategiyasining muhim tarkibiy qismiga aylanib, iste’dodlarni barqaror rivojlantirish va martaba jihatdan o‘sish mexanizmlarining uzluksiz ishlashini ta’minlamoqda.
Yangilangan strategiya doirasida Kapitalbank o‘zining Kapital Academy bazasida uzluksiz ta’lim madaniyatini rivojlantirmoqda. “Top-500” dasturi real biznes vaziyatlarini yechish va uning nazariy bilimlarini o‘zida jamlagan noyob besh oylik modulli o‘quv kursini taklif etadi. Loyihaning asosiy o‘ziga xos jihati mentorlik instituti bo‘lib qolmoqda: bankning top-menejerlari zaxiradagi xodimlarga shaxsan murabbiylik qilib, ularga boshqaruv bilan bog‘liq murakkab vazifalarga moslashishda yordam beradilar. Mazkur yondashuvning yuqori samaradorligini dastur bitiruvchilarining ko‘pchiligi allaqachon direktor va filial boshqaruvchisi lavozimlarini egallagani tasdiqlaydi.
Ta’limga bo‘lgan tizimli yondashuv allaqachon sezilarli natijalar bermoqda. So‘nggi ikki yil ichida kadrlar zaxirasidan turli darajadagi rahbarlar yetishib chiqdi: 3 nafar Boshqaruv raisi o‘rinbosari, 3 nafar Boshqaruvchi direktor, 16 nafar Departament direktorlari va 5 nafar Filial boshqaruvchisi. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha lavozim oshishidan tashqari, bankda moslashuvchan gorizontal rotatsiya tizimi ham joriy etilgan bo‘lib, u xodimlarga yangi yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rish va turli xil ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa mehnat bozoridagi kuchli raqobat sharoitida tajribali mutaxassislarni saqlab qolish hamda jamoaning yuqori darajadagi faolligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Inson kapitaliga qilingan investitsiyalar HR brendimiz barqarorligining asosidir. “Top-500” dasturi o‘z samaradorligini isbotladi: bugungi kunda bo‘lim boshlig‘i va undan yuqori darajadagi ko‘plab rahbarlik lavozimlari uchun o‘z kadrlar zaxiramiz shakllantirilgan. Bu esa so‘nggi ikki yilning o‘zida zaxiradagi xodimlar orasidan 42 nafarini yangi lavozimlarga tayinlash imkonini berdi. Maqsadimiz — 2026-yil yakuniga qadar kadrlar zaxirasiga nomzodlarni tayyorlash natijasida barcha rahbarlik lavozimlarining kamida 70 foizini zaxiradagi mutaxassislar bilan qamrab olishdir”, — deya ta’kidladi “Kapitalbank” ATB Kuzatuv Kengashi Raisining maslahatchisi Oksana Lindina.
Ichki kadrlar zaxirasini rivojlantirish bilan bir qatorda, bank yoshlar uchun mo‘ljallangan tashabbuslarni ham kengaytirmoqda. Jumladan, tashqi iste’dodlarni jalb qilishning asosiy omili bo‘lib xizmat qilayotgan “Be a banker” amaliyot dasturi faol rivojlanlanmoqda. Yosh mutaxassislarni tizimga jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali Kapitalbank moliya sektorining eng jadal rivojlanayotgan ish beruvchilaridan biri maqomini saqlab qolmoqda. Aynan shu yerda eng yosh kadrlar zaxirasi vakili atigi 27 yoshida bankning top-menejeriga aylangan.
“Top-500” dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi hamda Top Employer xalqaro standartlariga muvofiqlik Kapitalbankning iste’dodlarni boshqarish sohasidagi yetakchiligini tasdiqlaydi. Bank yosh mutaxassislar o‘sishi va karyera qurishi mumkin bo‘lgan muhitni rivojlantirishda davom etmoqda. Qolaversa, bank lavozim oshishi shunchaki shior emas, balki korporativ madaniyatning ajralmas qismi ekanini amalda namoyish etmoqda.



