Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
“Kapitalbank” ATB va “Kapital Securities” MCHJ valyuta obligatsiyalarini chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimining ilk ishtirokchilariga aylandi.
16 Jun 2026

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) qaroriga muvofiq, “Kapitalbank” ATB va “Kapital Securities” MCHJ xorijiy valyutada nominallangan obligatsiyalarni chiqarish va ularning muomalasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimiga birinchi ishtirokchilar sifatida qo‘shildi.

Mazkur yo‘nalish O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorida moliyalashtirishni jalb qilish vositalarini takomillashtirish, investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va moliya bozorining likvidligini oshirish maqsadida xorijiy valyutada nominallangan obligatsiyalarni chiqarish hamda ularning muomalasi mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish va amalda qo‘llashni ilk bor nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim doirasida amalga oshirilmoqda.

Maxsus huquqiy rejim doirasida “Kapitalbank” ATB va “Kapital Securities” MCHJ xorijiy valyutada nominallangan obligatsiyalarni chiqarish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularni chiqarish va muomalaga kiritishga doir alohida yondashuvlarni amalda sinab ko‘rish, shuningdek, xalqaro amaliyot va bozor ishtirokchilarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda kapital bozorini tartibga solish va uning infratuzilmasini rivojlantirishni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar shakllantirish imkonini beradi.

“Kapital Securities” MCHJ direktori Georgiy Paresishvili ta’kidladi:

“Maxsus huquqiy rejimdagi ishtirokimiz bizga kapital bozori orqali O‘zbekiston kompaniyalari uchun qarz mablag‘larini jalb etishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, investitsiya vositalarini kengaytirish va mahalliy qimmatli qog‘ozlar bozori likvidligini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga yordam beradi. Ushbu mexanizmlarning joriy etilishi mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy valyutadagi moliyaviy resurslarni sarmoya qilishga tayyor bo‘lgan mahalliy va xorijiy investorlarning yangi toifasini jalb etishga hamda O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb umid qilamiz”.

/ Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 0
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech