Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Kapitalbank xalqaro savdoni qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniyaning LBBW bankidan 17 million AQSH dollari jalb qildi
10 Jun 2026

Kapitalbank Germaniyaning eng yirik banklaridan biri bo‘lgan Landesbank Baden-Württemberg (LBBW) bilan 17 million AQSH dollari miqdoridagi kredit kelishuvini tuzdi.

Mazkur hujjat Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Riga shahrida bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishi doirasida imzolandi. Tadbirda xalqaro moliya institutlari, biznes hamjamiyati va davlat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

LBBW bilan tuzilgan kelishuv Kapitalbankning xalqaro moliyalashtirish manbalarini kengaytirayotganidan dalolat beradi. Jalb qilingan mablag‘lar bank mijozlarining tashqi savdo amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Bu esa mahalliy kompaniyalarga xalqaro bozorlardagi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini taqdim etadi.

“LBBW bilan imzolangan ushbu kelishuv xalqaro moliya institutlarining Kapitalbank va umuman O‘zbekiston bank tizimiga bo‘lgan yuksak ishonchini tasdiqlaydi. Yangi moliyalashtirish manbalari o‘zbek biznesiga xalqaro savdo loyihalarini yanada faol amalga oshirish imkonini yaratadi”, — deya ta’kidladi “Kapitalbank” ATB Boshqaruvi Raisining Birinchi o‘rinbosari Sardor Ismailov.

Landesbank Baden-Württemberg (LBBW) Germaniyaning eng yirik banklaridan biri bo‘lib, korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda savdoni moliyalashtirish, investitsiyalar va xalqaro bank amaliyotlari kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan.

/ Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 19
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech