Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
«Kapitalbank» ATB xavfsiz bitimlar uchun eskrou-hisob xizmatini ishga tushirdi
25 Jun 2026

Eskrou-hisob — «Kapitalbank» ATBning ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisi bilan bog‘liq bitimlarni xavfsiz amalga oshirish hamda xaridor va sotuvchining manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydigan vositadir.

Jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan yangi xizmat bitim shartlari to‘liq bajarilgunga qadar xaridorning pul mablag‘larini maxsus hisobda vaqtincha saqlash imkonini beradi. Bitim tasdiqlangach, mablag‘lar avtomatik tarzda sotuvchiga o‘tkaziladi, bitim bekor qilingan taqdirda esa xaridorga qaytariladi.

Eskrou-hisobni rasmiylashtirish jarayoni bir necha bosqichdan iborat. Bankka murojaat qilgach, mijoz ariza va zarur hujjatlarni topshiradi, shundan so‘ng eskrou-hisob ochiladi. Xaridor mablag‘larni naqd pul shaklida yoki hisobvarag‘i yoxud bank kartasidan bank o‘tkazmasi orqali kiritishi mumkin. Keyin notarius bankka elektron so‘rov yuboradi, eskrou-hisob ma’lumotlarini tekshiradi va bitimni tasdiqlab beradi. Jarayon yakunlangach, bank mablag‘larni sotuvchiga o‘tkazadi yoki shartnoma bekor qilingan hollarda xaridorga qaytaradi.

Eskrou-hisob ko‘chmas mulk va avtotransport sotib olish bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi hamda bitimning har ikki tomoni uchun qo‘shimcha himoyani ta’minlaydi.

Ko‘chmas mulk bitimlari uchun xizmat ko‘rsatish komissiyasi bitim summasi 50 mln so‘mgacha bo‘lganda 206 000 so‘mni tashkil etadi, undan oshganda esa komissiya olinmaydi. Ikkilamchi bozordagi avtotransport bitimlari uchun komissiya bitim summasi 25 mln so‘mgacha bo‘lsa 103 000 so‘mni tashkil qiladi, ushbu summadan yuqori bitimlarda komissiya undirilmaydi.

Shuni inobatga olish kerakki, bitim bekor qilingan taqdirda to‘langan komissiya qaytarilmaydi. Qayta murojaat etilganda komissiya belgilangan tartibda undiriladi.

Xizmat haqida batafsil ma’lumotni «Kapitalbank» ATB filiallaridan yoki 1340 qisqa raqami orqali olish mumkin. 

/ Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 37
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech