
Kapitalbank Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Yashil Uyim” ilmiy-ekologik festivalida bosh hamkor sifatida ishtirok etdi. Alpine Land (sobiq “Lokomotiv”) istirohat bog‘ida joylashgan Eco-Coworking Kapitalbank zonasi festivalning asosiy maydonchasi sifatida xizmat ko‘rsatdi.

Kapitalbank Academy ko‘magida eko-aktivist O‘rikguli tomonidan tashkil etilgan ushbu festival poytaxt aholisini barqaror rivojlanish, ekologik madaniyat va ongli hayot tarzi kabi g‘oyalar atrofida birlashtirdi.

Eco-Coworking Kapitalbank zonasining qulay infrastrukturasi ishtirokchilarga kun davomida o‘nlab ma’ruzalar tinglash, interaktiv makonlar va oilaviy ijod maydonchalaridan foydalanish imkoniyatini berdi.

MAIN JOY sektorida urbanistikaga oid ochiq muhokamalar, ilmiy blog yuritish bo‘yicha sessiyalar, yutuqli o‘yinlar hamda qayta ishlangan qog‘ozdan tabriknomalar yasash bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. KID’S JOY bolalar hududida esa yosh mehmonlar ota-onalari bilan birgalikda ilmiy tajribalarda qatnashib, shisha va matolarga yangi hayot baxsh etish (apsaykling) bo‘yicha mahorat darslarida ishtirok etdilar.

Tashkilotchilar ekologik odatlarni amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratishdi. KUN BO‘YI JOY hududida qayta ishlanadigan chiqindilarni yig‘ish shoxobchasi ishlab turdi. Bu yerda mehmonlar plastik, batareykalar, qog‘oz, alyuminiy va ishlatilgan moylarni qayta ishlashga topshirishlari mumkin bo‘ldi. Shuningdek, mahalliy eko-mahsulotlar bozori, “Second Chance” do‘koni va SWAP kitob almashish maydonchasi ham tashkil etildi.

“Eko-zonamiz hududida “Yashil uyim” festivalini qo‘llab-quvvatlash biz uchun Kapitalbankning ekologik va ijtimoiy tashabbuslarining davomi bo‘ldi. Biz nafaqat qulay yashil hududlar yaratish, balki ularni ilmiy jihatdan mazmun bilan ham boyitishga intilamiz. Bunday loyihalar shahar aholisida oddiy ekologik odatlarni shakllantirishga yordam beradi va avlodlarni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish yo‘lida birlashtiradi”, — deya ta’kidladi “Kapitalbank” ATB Kuzatuv Kengashi Raisining maslahatchisi Oksana Lindina.

Festival “Bring your cup” (“O‘z idishingni olib kel”) tamoyili asosida o‘tkazildi: mehmonlar ko‘p martalik ichimlik idishlari va termoslardan foydalandi. Kapitalbank Academy esa “Suv Corner” zonasini tashkil qilib, tashrif buyuruvchilarni bepul ichimlik suvi, choy va qahva bilan mehmon qildi.
“Yashil Uyim” festivalidagi ishtirok Kapitalbank uchun shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning bir qismidir. Bank yangi diqqatga sazovor maskanlarni yaratish va ongli turmush tarzi amaliyotini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy hamda ekologik tashabbuslarni rivojlantirishda davom etadi.



