Kapitalbank Qozog‘iston Taraqqiyot Banki (QTB) va Qozog‘iston Eksport-kredit agentligi (EKA) bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan uch tomonlama kelishuvni imzoladi.

Mazkur kelishuv tomonlarning savdoni moliyalashtirish va eksport amaliyotlarini sug‘urta qilish sohasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorligini mustahkamlaydi. Bitim doirasida Qozog‘istondan O‘zbekistonga tovar va xizmatlar yetkazib berish bilan bog‘liq hamkorliklarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun savdoni moliyalashtirish va sug‘urta qoplamasi vositalaridan, jumladan, QTB va EKA tomonidan belgilangan limitlar doirasidagi banklararo qarzlar, akkreditivlar va kafolatlardan foydalaniladi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan bir qator istiqbolli loyihalarni, xususan, sanoat, qurilish va iste’mol mollari yetkazib berish borasidagi tashabbuslarni muhokama qildilar.

“Ushbu bitimning imzolanishi mintaqaviy sheriklikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdagi mantiqiy qadamdir. Biz uchun nafaqat mijozlarning tashqi savdo amaliyotlariga hamrohlik qilish, balki ular uchun tushunarli va ishonchli moliyaviy muhitni shakllantirish ham muhimdir. Bu biznesga har bir bosqichda xavf va xarajatlarni kamaytirgan holda transchegaraviy loyihalarni tezkorlik bilan amalga oshirish imkonini beradi”, — deb ta’kidladi Kapitalbank Boshqaruvi Raisining Birinchi O‘rinbosari Sardor Ismoilov.

“O‘zbekiston Qozog‘istonning mintaqadagi strategik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonning yetakchi banklari bilan hamkorlik uzluksiz moliyaviy infratuzilmani yaratadi. Bu qurilish kompaniyalaridan tortib kundalik ehtiyoj mollari ishlab chiqaruvchilarigacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar uchun O‘zbekiston bozoriga tayyor moliyaviy yechimlar bilan chiqish imkonini beradi”, — deya qayd etdi QTB Boshqaruvi Raisi Marat Yelibayev.
Kelishuv mintaqada savdoni moliyalashtirishni yanada kengaytirish va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Qozog‘iston Taraqqiyot Banki” AJ — o‘rta va uzoq muddatli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan davlat taraqqiyot instituti.
“Qozog‘iston Eksport-kredit agentligi” AJ — Qozog‘iston Respublikasi eksportchilarini sug‘urta himoyasi bilan ta’minlovchi va qo‘llab quvvatlovchi moliya instituti.
