Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O‘zbekiston Respublikasining qonuni

FUQAROLARNING BANKLARDAGI OMONATLARINI HIMOYaLASh KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi (bundan buyon matnda banklar deb yuritiladi) omonatlari himoyalanishini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Kafolatlash obyekti

Fuqarolarning banklardagi omonatlari kafolatlash obyekti hisoblanadi.

Ushbu Qonunga muvofiq:

fuqarolarning banklardagi, qonun hujjatlari bilan kafolatlashning alohida tartibi nazarda tutilgan omonatlarida turgan;

fuqarolarning banklar ishonchli boshqaruviga topshirilgan;

taqdim etuvchiga to‘lanadigan hisobvaraqlarda saqlanayotgan;

yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslarning hisobvaraqlariga (agar bu hisobvaraqlar mazkur faoliyat munosabati bilan ochilgan bo‘lsa) qo‘yilgan;

mazkur bank yoki uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlarni ta’minlash uchun fuqarolarning banklardagi garovda turgan omonatlariga qo‘yilgan;

banklarning chet ellardagi filiallariga qo‘yilgan pul mablag‘lari kafolatlash obyekti hisoblanmaydi.

4-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi

Ushbu Qonunning maqsadini amalga oshirish uchun fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi (bundan buyon matnda Fond deb yuritiladi) tuziladi.

Fond faoliyatining maqsadi bankning bank operatsiyalarini o‘tkazish huquqini beruvchi litsenziyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chaqirib olingan (bundan buyon matnda litsenziyani chaqirib olish deb yuritiladi) taqdirda fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lanishini ushbu Qonunda nazarda tutilgan shartlarda va miqdorda kafolatlashdan iboratdir. Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha Fondning haq to‘lanishini kafolatlashi bank qayta tashkil etilganligi munosabati bilan litsenziya chaqirib olingan hollarga taalluqli emas.

Fond yuridik shaxs hisoblanadi va banklar bilan yozma ravishda tuziladigan bitimlar asosida faoliyat yuritadi.

Fondning mol-mulki banklarning majburiy badallari, mablag‘ qo‘yilishidan olingan daromadlar, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar hisobidan shakllantiriladi.

Fondning pul mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida saqlanadi.

Fondning o‘z mablag‘larini davlat qimmatli qog‘ozlariga va boshqa aktivlarga qo‘yishdan olgan daromadlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Fondni boshqarish Fondning kuzatuv kengashi va Fondning ijro etuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi.

Fond moliyaviy yordam ko‘rsatish va xayriya faoliyati bilan shug‘ullanishi, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi bo‘lishi mumkin emas.

5-modda. Fondning kuzatuv kengashi

Fondning kuzatuv kengashi Fond faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.

Fond kuzatuv kengashining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Fond kuzatuv kengashining majlisi uning raisi yoki Fond kuzatuv kengashi a’zolarining kamida uchdan bir qismi tomonidan zaruratga qarab, ammo yilning har choragida kamida bir marta chaqiriladi.

Fondning kuzatuv kengashi, agar majlisda a’zolarning kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, qaror qabul qilishga haqli. Agar majlisda hozir bo‘lganlarning kamida uchdan ikki qismi Fond kuzatuv kengashining qarori uchun ovoz bersa, qaror qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng bo‘lganda Fond kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

6-modda. Fond kuzatuv kengashining vakolatlari

Fond kuzatuv kengashi:

banklarning kalendar badallari stavkasini, ularni hisoblash tartibi va kiritish muddatlarini tasdiqlaydi;

fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining roziligi bilan agent bankni tanlaydi;

Fond mablag‘larini davlat qimmatli qog‘ozlariga va boshqa aktivlarga qo‘yish xususida qaror qabul qiladi;

Fond mablag‘laridan foydalanish tartibini, shu jumladan joriy faoliyatga mo‘ljallangan xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

Fondning ijro etuvchi organini tuzadi va uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

auditorlik tashkilotini belgilaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

7-modda. Fondning ijro etuvchi organi

Fond direksiyasi Fondning ijro etuvchi organi bo‘lib, u joriy rahbarlikni amalga oshiradi va Fond faoliyati uchun javobgar bo‘ladi. Fond direksiyasi tarkibiga direktor, uning o‘rinbosari va bosh buxgalter kiradi.

Fond direksiyasi:

banklar bir yo‘la to‘lanadigan va kalendar badallarni o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq to‘lash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

joriy faoliyatga mo‘ljallangan xarajatlar smetasini Fond kuzatuv kengashining tasdig‘iga kiritadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Fond direktori Fond kuzatuv kengashining majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadi.

8-modda. Banklarning Fondga to‘laydigan majburiy badallari

Bir yo‘la to‘lanadigan va kalendar badallar banklarning Fondga to‘laydigan majburiy badallaridir.

Bankning Fondga bir yo‘la to‘laydigan badali bankning amalda shakllangan ustav kapitali miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.

Kalendar badal banklar tomonidan Fondga yilning har choragida o‘tkaziladigan pul mablag‘laridan iborat bo‘ladi. Kalendar badallarning miqdori ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanishi lozim bo‘lgan fuqarolar omonatlarining yil choragidagi amaldagi qoldig‘iga qarab Fond kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan, ammo omonatlar umumiy summasining 0,5 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Kalendar badallarning to‘langan summasi fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldig‘i umumiy summasining 5 foiziga yetganda banklar tomonidan kalendar badallarni to‘lash to‘xtatiladi. Fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldig‘ining umumiy summasi o‘zgarganda Fondga to‘langan kalendar badallarning summasi qayta hisoblab chiqilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklar uchun fuqarolarning pul mablag‘larini omonatlarga jalb etishga taqiq joriy etilishi banklarni Fondga kalendar badallarini to‘lashdan ozod etmaydi.

Kalendar badalning stavkasi o‘zgartirilgan taqdirda Fond banklarni bundan kamida o‘ttiz kun oldin xabardor qilishi shart.

Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha kalendar badal chet el valyutasida hisob-kitob qilinganda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, kalendar badal o‘tkazilgan kundan oldingi kungi kurs bo‘yicha qayta hisoblab chiqiladi.

Banklar tomonidan Fondga to‘lanadigan majburiy badallar banklarning ko‘rsatilayotgan xizmatlar tannarxiga kiritiladigan xarajatlariga qo‘shib qo‘yiladi.

9-modda. Banklarning Fond oldidagi majburiyatlari

Banklar:

Fond bilan yozma bitimlar tuzishlari;

ushbu Qonunda belgilangan majburiy badallarni o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lashlari;

ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanishi zarur bo‘lgan fuqarolarning banklardagi omonatlari soni va miqdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Fondga taqdim etishlari shart.

Bank tugatilgan taqdirda, bankning tugatish komissiyasi fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha to‘lanadigan haq summasi bilan tugatilayotgan bankning Fondga to‘laydigan badali summasi o‘rtasidagi farqni, shuningdek omonatlar bo‘yicha haq to‘lash paytida qilingan xarajatlarni Fondga to‘lashi shart.

10-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash miqdori

Oldingi tahrirga qarang.

Fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq to‘lash bankning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan oraliq tugatish balansida aks ettirilgan omonatlarning qoldig‘idan kelib chiqqan holda bank va Fond mablag‘lari hisobidan to‘liq hajmda amalga oshiriladi.

(10-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 6-apreldagi O‘RQ-203-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 15-son, 173-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 6-apreldagi O‘RQ-203-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2009-y., 15-son, 173-modda)

Agar bank omonatchiga nisbatan kreditor sifatida ham ish yuritgan bo‘lsa, omonatlar bo‘yicha haq to‘lash miqdori omonatchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan omonatlar bo‘yicha haq to‘lash summasi bilan bankning muqobil talablari summasi o‘rtasidagi farq sifatida belgilanadi.

Fuqarolarning banklardagi chet el valyutasidagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash ushbu Qonun bilan belgilangan tartibda va miqdorlarda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, litsenziya chaqirib olingan kungi kurs bo‘yicha milliy valyutada amalga oshiriladi.

11-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash tartibi va muddatlari

Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash maqsadida bankning tugatish komissiyasi litsenziya chaqirib olingan kundan e’tiboran ikki oy mobaynida kreditorlarni aniqlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining majburiy zaxiralari fondiga depozitga qo‘yilgan debitorlik qarzlari va mablag‘larini olish choralarini ko‘radi. Mazkur mablag‘lar birinchi navbatda tugatilayotgan bankning fuqarolar omonatlari bo‘yicha qarzlarini to‘lashga yo‘naltiriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddat tugaganidan so‘ng, bankning tugatish komissiyasi o‘n kunlik muddat ichida Fondga quyidagilarni taqdim etishi shart:

tasdiqlangan oraliq tugatish balansi;

tugatilayotgan bank mol-mulkining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumot;

kreditorlar tomonidan taqdim etilgan talablar ro‘yxati;

fuqarolar omonatlarining miqdorlarini tasdiqlovchi ma’lumot;

fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq to‘lash uchun Fondga zarur bo‘ladigan pul mablag‘larining hisobi.

Fond oraliq tugatish balansini olgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash tartibi va muddatlari to‘g‘risidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lashni Fond ommaviy axborot vositalarida xabar e’lon qilingan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida boshlashi shart. Haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining roziligi bilan Fond belgilaydigan bank (agent bank) tomonidan amalga oshiriladi. Omonatchilar agent bankka o‘z omonatlari bo‘yicha haq olish uchun murojaat qilganlarida agent bank mazkur haqni omonatchi o‘zining omonati borligini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan taqdirda to‘lashi shart.

Fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq tegishli hujjatlar ko‘rsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham to‘lanadi.

Omonatchining Fonddan o‘z omonati bo‘yicha haqini olishi uning bankka nisbatan omonati bo‘yicha olgan haqidan ortiq miqdordagi talablarini qanoatlantirishga doir huquqlarini istisno etmaydi.

12-modda. Fondga ssuda berish

Fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq to‘lash uchun Fondning mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Fondga ssuda beriladi va u keyinchalik Fond tushumlari hisobidan qaytariladi.

13-modda. Fond bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘rtasida axborot almashish

Fond bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Fond o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur axborotni muntazam ravishda almashib turadilar.

14-modda. Bank sirini oshkor qilmaslik

Fond bank sirining oshkor etilmasligini kafolatlaydi.

Fond bank sirini oshkor etgan taqdirda, huquqlari buzilgan bank va omonatchi Fonddan o‘zlariga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilishga haqli.

15-modda. Nizolarni hal qilish

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash bilan bog‘liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

16-modda. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

Ushbu Qonunning ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002-yil 19-sentabrda 326-sonli “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” qarori qabul qilingan. Ko‘rib chiqish uchun tavsiya etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2002-yil 5-aprel,

360-II-son

 

(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y.,4-5-son, 70-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 15-son, 173-modda)

Файл
Ro’yxatdan o’tish muddati: 05.04.2004 y.
Raqam: 360-II
Yuklab olish
Hajmi: 232.88 KB




 
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech