06.11.2026

Rasmiy munosabat

2026-yil 8-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi TTZ bozori hududida joylashgan Kapitalbank bankomatida mijozning kartasidan pul va komissiya yechilgan lekin naqd pul berilmagan. Mazkur holat bo‘yicha «Kapitalbank» ATB quyidagilarni ma’lum qiladi.

O‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, mijoz tomonidan muammo haqida xabar berilgan vaqtda bankomat texnik nosozliklar tufayli ishlamagan va bankning tegishli bo‘limlariga murojaat qilingandan keyin muammo hal etilgan hamda mijozning puli bank kartasiga qaytarib berilgan.
 
Amaliyotlarni tekshirish va mablag‘larni qaytarish muddatlari haqida

Bankomat tomonidan mablag‘lar yechilib, biroq naqd pul berilmagan holatlarda mijozning murojaati o‘rganish uchun tegishli bo‘linmaga yuboriladi. Tekshiruv jarayonida bankomatning texnik ma’lumotlari, amaliyotlar tarixi va amalga oshirilgan tranzaksiyaga oid ma’lumotlar tahlil qilinadi. Bu voqea tafsilotlarini aniqlash va xatolik sabablarini belgilash imkonini beradi.

Tekshiruv Bankning belgilangan tartiblariga muvofiq besh ish kunigacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi. Bu muddat amaliyotga oid texnik va tranzaksiya ma’lumotlarini o‘zaro solishtirish hamda holatni tasdiqlash zarurati bilan bog‘liq.

Bank yechilgan mablag‘lardan vaqtincha foydalana olmaslik mijoz uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligini tushunadi va bunday holatlarni tezkor hal etishga harakat qiladi.

Naqd pul yechib olishdagi komissiya haqida

Bank tariflariga muvofiq, Uzcard va HUMO kartalari orqali bankomatdan naqd pul yechishda amaliyot summasidan 1% miqdorda komissiya undiriladi. Amaliyot shartlariga qarab, ekvayer bank tomonidan ham qo‘shimcha komissiya undirilishi mumkin.

Kapitalbank o‘z faoliyatiga oid yangiliklarni mijozlarga o‘z vaqtida yetkazib boradi. Barcha ma'lumotlar bankning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida taqdim etilgan.