26.10.2026

Kapitalbank korporativ kibersport bo‘yicha O‘zbekiston kubogini qo‘llab-quvvatladi

Jizzakh Cyber Arena majmuasida korporativ kibersport bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa Korporativ sport assotsiatsiyasi tomonidan Kapitalbank va Sport vazirligi ko‘magida tashkil etildi.


Musobaqada Uzinfocom, Realsoft, Metropoliten, TBC Bank, OFB, Pepsi, Uzum Tech, Xalq Banki, O‘zmetkombinat, Anorbank, O‘zbekko‘mir, Infinbank, AKFA, O‘zaeronavigatsiya, Kapitalbank va Agrobank kabi kompaniyalarni namoyish etgan 16 ta jamoa ishtirok etdi. Turnir O‘zbekistonda korporativ sportni ommalashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

Musobaqa dasturi guruh bosqichi, yarim final va Best of 3 (Bo3) formatidagi grand-finalni o‘z ichiga oldi. Ishtirokchilar professional o‘yin uskunalari, yuqori tezlikdagi internet, yoritish va ovoz uskunalari kabi barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlandi. Sudyalikni professional hakamlar olib bordi.

Kapitalbank ommaviy va korporativ sportni yetti yo‘nalish — futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi, yugurish marafonlari va kibersport bo‘yicha faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

«Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali Kapitalbank O‘zbekistonda ommaviy va korporativ sportni ommalashtirishga, shuningdek, yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratishga hissa qo‘shmoqda. Biz raqamli avlodning imkoniyatlariga ishonamiz va yoshlarga o‘z qobiliyatlarini namoyon etish hamda muvaffaqiyatga erishishda yordam beradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga intilamiz», — dedi «Kapitalbank» ATB Kuzatuv Kengashi Raisi maslahatchisi Oksana Lindina.



Musobaqa taqdirlash marosimi bilan yakunlandi. G‘olib va sovrindorlarga kuboklar, medallar hamda pul mukofotlari topshirildi.



Yakuniy natijalar quyidagicha taqsimlandi:

Uzum Tech — 1-o‘rin

Kapitalbank — 2-o‘rin

Uzinfocom — 3-o‘rin