16.10.2026

Toshkentda O‘zbekistonning 17 nafar zamonaviy rassomi asarlarini birlashtirgan «Charxpalak» badiiy albomining taqdimoti hamda shu nomli ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Kapitalbank ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan.

«Charxpalak» loyihasining badiiy konsepsiyasi zamonaviy san’at orqali madaniy merosni asrab-avaylash va avlodlar davomiyligini ta’minlash g‘oyasiga asoslangan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, akademik, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur mazkur albomga yozgan so‘zboshida ta’kidlaganidek, zamonaviy rassom madaniy merosni nafaqat talqin etuvchi, balki uning hammuallifi sifatida ham namoyon bo‘lib, bugungi davr uchun uning yangi ma’no va qirralarini ochib beradi.

Uzluksiz harakat va yangilanish ramzi bo‘lgan «Charxpalak» nomi milliy san’atning o‘tmishi, buguni va kelajagi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalaydi. Ekspozitsiya zamonaviy ijodkorlar asarlarida an’analarning qanday yangicha talqin va ifoda topayotganini namoyon etadi.

Ko‘rgazma va shu nomli badiiy albom konsepsiyasi Kamola Akilova va Aleksey Arapovning san’atshunoslik tadqiqotida yoritilgan «Madaniyatlar chorrahasi», «Turon va Eron», «Islom koinoti» va «Hamijodkorlikning yangi davrasi» kabi to‘rtta mavzuga bag‘ishlangan bo‘limlar orqali ochib berilgan.

Ekspozisiyaning asosiy ramzlaridan biri an’anaviy ko‘za bo‘lib, uning atrofida loyihada ishtirok etayotgan 17 nafar rassomning har birini ifodalovchi 17 ta tugun jamlangan. Ularni birlashtirib turgan arqon umumiy madaniy kodni, ko‘za esa milliy an’analar va avlodlar xotirasining saqlanishini anglatadi. 17 nafar rassom. 17 ta ijodiy ovoz. Ularni yagona madaniy meros rishtasi birlashtirgan.

«Charxpalak» loyihasidagi ishtirok etish Kapitalbank uchun O‘zbekistonning madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, shuningdek, zamonaviy milliy san’at rivojiga hissa qo‘shish imkoniyatini taqdim etdi.
«Madaniy meros bu nafaqat ajdodlarimizdan bizga yetib kelgan boylik, balki kelajak avlodlarga yetkazishimiz lozim bo‘lgan qadriyat hamdir. Shu bois biz uchun bunday loyihalar faqat ko‘rgazma zallari bilan cheklanib qolmasdan, o‘zining mantiqiy davomini topishi va keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi muhim», — deya ta’kidladi «Kapitalbank» ATB Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi Oksana Lindina.

Tadbir doirasida zamonaviy san’at va madaniy merosni asrab-avaylash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati ham tashkil etildi. Muhokamada rassomlar, san’atshunoslar, OAV vakillari hamda Zamonaviy san’at biyennalesining xalqaro ishtirokchilari qatnashishdi.
«Charxpalak» ko‘rgazmasi 2026-yilning 30-oktyabriga qadar «Akademiya» galereyasida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning 17 nafar zamonaviy rassomi asarlari hamda milliy an’analar va zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beruvchi badiiy installyasiyalar bilan tanishishlari mumkin.
Shuningdek, albom nusxalari O‘zbekiston kutubxonalari va madaniyat muassasalariga hadya qilinadi. Bu esa yanada keng auditoriyani mahalliy rassomlar ijodi bilan tanishtirish imkonini beradi.